KONYA – KO`NGILLAR SHAHRIDIR!
“Avliyolarda Alloh bergan shunday qudrat bor-ki, otilgan o`qni qaytara oladilar”.
“Pirlar shunday kishilar-ki, hali bu dunyo yaralmaganida ham ularning jonlari karam dengizida bor edi. Bu tanga tushishdan oldin necha bor yashadilar. Ekishdan oldin mevalar saraladilar”.
“Insonga qo`l-qanot – aqldir. Odamning aqli bo`lmasa o`ziga boshqa bir aqlni yo`lboshchi qilishi kerak. You stun bo`l, yo ustunlik izla, yo fikr sohibi bo`l, yo fikr sohibini izla”. Ushbu hikmatli so`zlar sohibi Mavlono Jaloliddin Rumiyning Konya shahridagi maqbarasi mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan eng ko`p ziyirat qilinadigan maskanlardan biridir.
Mavlono Jaloliddin Rumiy, 13-asrning buyuk faylasufi, olim, dinshunos va shoirlaridan biri bo`lgan. O`zining mislsiz ijodi bilan jahonga tanilgan mutafakkir 1207 yili Balx hahrida tug’ilib, 1273 yilda Konya shahrida vafot etgan. Rumiyning o’zi vasiyat qilganindek, uning o’limi ayriliq emas, aksincha Alloh bilan uchrashuv (vuslat) kunidur. Ushbu kun “Shab’i-Aruz” deb nomlanadi. Ushbu kun dunyoning to`rt tarafidan turli dinga mansub bo’lgan Mavlono shaydolari Konya shahriga kelib “Shab’i-Aruz” marosimiga qatnashadilar.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning otasi “olimlar sultoni” degan laqab olgan Muhammad Valad edi. Mavlono yoshligida otasi bilan birga Turkiyaga kelgan. O’z otasining qoshida ilm olib, otasi vafot etgach, o’sha vaqtdagi Turkiya tuproqlarida hokim bo’lgan Saljuqiylar sultonining buyrug’i bilan ustozlik vazifasini ado eta boshladi. Mavlono insonga bo’lgan sevgi va muhabbatni madh etuvchi “Masnaviy” nomli asari bilan jahon bo’ylab shuhrat qozondi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy yashagan davrda, Saljuqiylar davlati Mo’g’ullarning bosqinchi kuchlari natijasida tobora zayiflab borayotgan davr edi. U o’z kuchini, mavqeini va siyosiy kelajagini yo’qota borayotgan bir davlatda yashagan edi. U Turkiya tuproqlaridagi ma’naviy tubanlik va inqirozga tushgan insonlarni ma’naviy jihatdan jonlantirdi, jamiyatning ziyoli qatlami bilan do’stona munosabatlar qurdi.
Saljuqiy sultonlari saroyining yonida uning otasiga bir bog’ sovg’a qilingan edi. Mavlono 1273 yilda vafot etgach, uning maqbarasi xuddi shu bog’ning ichida qurildi. Saljuqiylar me’morchilik san’ati bilan qurilgan bu maqbaraga “Yashil Maqbara” deb nom berildi. Maqbara mavlaviylik dargohining o’rtasida joylashgan. To’rtta katta ustun ustiga qurilgan maqbaraning ust qismida qubba bor. Tashqarigan ko’p burchakli ko’rinishda bo’lgan maqbaraning qubbasi yashil rangda bo’lib maqbaraning devorlari ham yashil rangli chinnilar bilan bezalgan. Qubbaning ustki qismi tashqaridan katta kuloh bilan o’ralgan. Ushbu maqbaraga vaqt o’tgach, Mavlaviylik tariqatining obro’li vakillari va Mavlononing yaqinlari ham dafn etilgan.
Hozirgi kunda maqbaraning sayr qilingan ziyoratgoh qismining masjid bo’limida juda katta sandiqlar va mavlaviylik tariqatiga oid kitoblar, tarixiy yozuvlar ko’rgazmaga qo’yilgan. Usmoniy podishohlarning ko’pchiligi Mavlaviylik tariqatiga a’zo bo’lganliklari uchun, har podsho ushbu maqbaraning kengaytirilishiga va bezalishiga katta hissa qo’shgan. Maqbaraning yonida Usmoniylar davridan qolgan bir jome’-masjid o’rin olgan. Maqbaraning muzey qismidagi bo’limlarda mavlaviylik tariqatiga oid liboslar, ular ishlatgan asbob-anjomlar, Mavlononing masnaviy asaridan ba’zi bo’limlar ziyorat etuvchilarning ko’rishi uchun taqdim etilgan.
Turkiyada To’pkapi saroyidan so’ng eng ko’p ziyorat etilgan dargoh bo’lgan maqbara bepul xizmat ko`rsatib kelmoqda. İstanbul va Anqaradan tez yurar poyezdlar ushbu maqbara joylashgan Konya shahrigacha boradi.
Demak, Turkiyaga sayohat qilsangiz, Konya shahridagi Mavlono Rumiy maqbarasini albatta ziyorat qiling!