O`ZBEKISTONDA IQLIM O`ZGARISHI SABABLARI

So‘nggi yillarda butun Yer yuzida iqlim o‘zgarib bormoqda. Ayrim mamlakatlarda g‘ayritabiiy issiq kuzatilayotgan bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda havo sovib ketmoqda. Ekologlar global iqlim o‘zgarishi, muzliklar erib borishi va dunyo okeanlari sathining ko‘tarilishi borasida bong urishmoqda. Iqlim isishi o‘z navbatida avval kuzatilmagan hodisalar — suv toshqinlari, bo‘ronlar, qurg‘oqchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Joriy yilda O`zbekistonning turli hududlarida kuzatilgan sel toshqinlari, qum bo‘ronlari, tinimsiz yoqqan yomg‘ir va ob-havoning o‘zgacha kelishi ko‘pchilikda biroz hadik va hayrat uyg‘otdi. Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston ham dunyoning boshqa mamlakatlari qatorida iqlim o‘zgarishlari ro‘y beradigan geografik mintaqa sanaladi.

Sodir bo‘layotgan iqlimiy o‘zgarishlarning asosiy sabablaridan biri o‘rta havo haroratining yildan yilga oshib borishidir. Haroratning ko‘tarilishi har bir hududda o‘ziga xos xususiyatga ega. Bundan tashqari, global isish o‘zining vaqtinchalik belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Ya’ni bu issiqlik ba’zida juda tez ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘lsa, ba’zida asta-sekinlik bilan haroratning ko‘tarilib borishida namoyon bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, aynan O`zbekiston mintaqasida dunyoning boshqa hududlariga qaraganda isish jarayoni ancha jadallashib bormoqda.

Soha mutaxassislarining ta`kidlashicha, global isish degani haroratning yil sayin tobora isib boraverishi degani emas. Masalan, oxirgi 20-30 yil muddatdagi haroratning darajasi avvalgi 10 yilliklarga nisbatan biroz yuqori bo‘ldi. Havo haroratining umumiy foni oshishida qaysidir yil sovuq, qaysidiri esa issiq kelishi tabiiy hol. Global isish faqat issiq kunlar bilan xarakterlanmaydi, aksincha, ayni jaziramada kutilmaganda haroratning pasayib ketishi ham isish jarayonining bir belgisi hisoblanadi. Global isish jarayoni davom etayotgan bu o‘n yilliklarning qaysidir yozi yoki bahori odatdagidan salqin kelsa, bundan sira shubhalanmaslik kerak. Bularning barchasi iqlim o‘zgarishlarining o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi.

Sel, asosan, havo harorati keskin ko‘tarilib, qor yoki muzliklar qisqa muddatda ko‘p miqdorda eriganda yoki kuchli jala quyganda sodir bo‘ladi. O`zbekistonda ham tez-tez sodir bo‘lib turadigan suv toshqinlari sabab, ayniqsa, 1992-1995 yillarda ko‘pgina viloyatlar — Xorazm, Buxoro, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va boshqa joylarda katta ekin maydonlari suv ostida qolib, oqibatda juda katta moddiy zarar ko‘rildi. Bu yilgi suv toshqinlari esa ko‘proq Qashqadaryo hududiga katta talafot keltirdi.

Jumladan, viloyatning Kitob, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Dehqonobod tumanlarida ro‘y bergan suv toshqinlari tog‘li hududlarda yoqqan kuchli yog‘in sabab ro‘y bergan. Bu tabiiy ofatlarning qishloq xo‘jaligiga, albatta, salbiy ta’siri bor, chunki sel bo‘lib kelgan oqavaning tarkibi turli-tuman moddalar bilan qorishib, poliz ekinlari va dalalarga katta talafot yetkazdi. Afsuski, suv toshqinlari faqat Qashqadaryo bilan cheklanib qolmadi. Bu ofat Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlari hamda tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan joylarni ham chetlab o‘tmadi.

Qum bo‘ronlari Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekistonda ham tez-tez sodir bo‘lib turadigan holatlardan biri. Qum bo‘ronlari sodir bo‘lishining asosiy sababi, yog‘ingarchilikning keskin kamayib ketishi natijasida yerning namligi qochib, tuproq qatlami ko‘paya boradi, bu qatlam esa odam va texnikalar harakati natijasida yumshab, changlanish jarayoni jadallashadi. Bo‘ronlar esa kuchli shamollar natijasida ro‘y beradi. Shamolning esish darajasi yuqori tezlikda bo‘lsa, yerdagi tuproq, qum va hatto o‘simliklarni ham havoga ko‘taradi, natijada bo‘ron sodir bo‘ladi. Bo‘ron natijasida esa atmosfera yomonlashib, tumandek changli ko‘rinish hosil bo‘ladi.

2018 yilning 19 iyunidagi qumli bo‘ron faqat Samarqandda bo‘lmadi, bu holat Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham kuzatildi. Samarqand va Jizzaxda sodir bo‘lgan bo‘ron ko‘rinishning o‘ta yomonlashuviga olib keldi, natijada 1 km gacha masofani qum ta’sirida umuman ko‘rib bo‘lmay qoldi. Bu masofa Yangiqishloqda 200 metrni, Toshkentda 2000 metrni, Qashqadaryoning G‘uzor va Shahrisabz tumanlarida esa 4000 metrni tashkil qildi. Yer ustki qatlamining yemirilishi, geologik qidiruv ishlarining olib borilishi, qurilish ob’ektlarining ko‘payishi natijasida tuproq qatlami ko‘payib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ma’lumki, kuchliroq esgan shamolda havoga ko‘tarilib, qumli bo‘ron bo‘lishiga olib keladi.

O‘zbekistonning yozi davomiy hisoblanadi. Uning katta qismi quruq va judayam issiq kechadi. Oylik yog‘ingarchiliklar me’yori iyundan avgustga qadar keskin kamayib ketadi. Yozning eng issiq oyi iyul hisoblanadi, bu davrda havo harorati 40-45 darajagacha ko‘tariladi. Ammo shunisi yaxshiki, O`zbekiston iqlimi  mo’tadil bo‘lganligi sababli bunday issiq kunlar uzoq davom etmaydi.

Bir cevap yazın

E-posta hesabınız yayımlanmayacak. Gerekli alanlar * ile işaretlenmişlerdir