ÖZBEK XALKININ BÜYÜK NEVAİ`SI

Ulugʻ oʻzbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy temuriylar saltanatiga tegishli Xuroson mulkining markazi — Hirotda 1441-yilning 9-fevralida tugʻilib, shu yerda umrining asosiy qismini oʻtkazgan.

Navoiyning otasi Gʻiyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin boʻlgan. Sheʼr zavqi va isteʼdodi erta uygʻongan Alisher etti yoshidayoq Farididdin Attorning ‘Mantiqut-tayr’ asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan. Mavlono Lutfiy yosh shoir isteʼdodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy eʼtirofini qozongan.

Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim olgan, Abdurahmon Jomiy bilan ijodiy hamkorlikda boʻlgan. Navoiy 1469 yilgacha temuriylar orasidagi ichki nizolar sababli Hirotdan chiqib ketishga majbur boʻlgan.

Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga oʻtirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga “muqarrabi hazrati sultoniy” (“sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvonni beradi. Unga koʻra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.

Navoiy ijodi ixlosmandlari uning sheʼrlarini yigʻib, “Ilk devon” (1464-65) tuzgan edilar, soʻngra “Badoyiul-bidoya” (“Goʻzallikning boshlanishi”), “Navodirun-nihoya” (“Nodirliklar nihoyasi”) nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli toʻrt devon (1491—1498)ga jamlangan.

Alisher Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi “Xamsa” asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” tarkibiga “Hayrat ul-Abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlar kiradi.

Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan boʻlsa-da, maxsus “Lisonut-tayr” dostoni(1499)da, “Nasoyimul-muhabbat” manqabasi(1495-96)da, “Tarixi anbiyo va hukamo”(1485-8), “Arbain”, “Munojot” singari asarlarida aks etgan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Navoiy asarlarini diniy va soʻfiylik jihatidan oʻrganish kengaydi, ular ob’ektiv va ilmiy bahosini olmoqda. “Arbain”, “Munojot” kabi asarlari chop etildi.

Bir cevap yazın

E-posta hesabınız yayımlanmayacak. Gerekli alanlar * ile işaretlenmişlerdir